Ukrainaning qator hududlari yana raketa hujumiga uchradi

Xarkovdagi portlash tufayli metro faoliyati to'xtatilgan

Foto: Nikolayev viloyati meri telegram kanali<br>

Foto: Nikolayev viloyati meri telegram kanali

18-oktabr kuni ertalab Ukrainaning bir qancha shaharlari o‘qqa tutildi. Butun Ukraina boʻylab havodan ogohlantirish eʼlon qilindi.

Dnepropetrovsk viloyati maʼmuriyati rahbari Valentin Reznichenkoning soʻzlariga koʻra, 18-oktyabr kuni Rossiya qoʻshinlari Dneprdagi energetika infratuzilmasi obyektiga ikki marta raketa hujumi uyushtirgan, natijada yongʻin chiqqan. Shaharning ba'zi hududlari elektr va suv ta'minotisiz qoldi, hujumdan so'ng "Dneprovodkanal" nasos stansiyalaridan biri quvvatsiz qolgan.

Xarkov meri Igor Terexovning maʼlum qilishicha shaharda sanoat korxonalaridan birining hududi o‘qqa tutilgan. “Besh daqiqa ichida ikkita portlash sodir boʻldi”, – deb yozadi u oʻzining Telegramdagi kanalida. Qayd etilishicha, Xarkovdagi portlashlar tufayli metro faoliyati to‘xtatilgan.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti ofisi rahbarining o‘rinbosari Kirill Timoshenko Jitomirdagi energiya ta’minlash obyektiga ikkita raketa kelib tushgani, Kiyevdagi infratuzilma obyektida uchta zarba amalga oshirilganini ma’lum qilgan.

Xabarga koʻra, Krivoy Rog va Nikolayev viloyatlarida ham raketa zarbalari qayd etilgan.

Nikolayev viloyati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, raketalar shahardagi gul bozor hamda ikki qavatli uyga kelib tushgan. Keyinroq vayronalar ostidan bir erkakning jasadi topilgan.

Maʼlumot uchun, 10-oktabrdan beri Rossiya Ukraina shaharlariga katta zarbalar bermoqda. Vladimir Putin 8-oktabr kuni Qrim ko‘prigidagi portlashda Ukrainani aybladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi faqat harbiy va energetik infratuzilma obyektlarini bombardimon qilganinu taʼkidlamoqda. Lekin turar-joy binolari ham o'qqa tutilgan. 17-oktabr kuni rus harbiylari Kiyevga kamikadze dronlari bilan hujum qildi. Natijada shahar markazidagi turar-joy binosi vayron bo‘lgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling