Foto: Repost.uz
Maktab o'quvchisini kaltaklagan deputat ishdan olindi. Bu haqda OʻzLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi Matbuot xizmati xabar berdi.
5-noyabr kuni Qamashi tumanida Liberal-demokratik partiyasi tuman kengashi hamda Xalq deputatlari tuman kengashiga OʻzLiDePdan saylangan deputatlarning partiya guruhi qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.
Qoʻshma yigʻilishda partiya aʼzosi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Nurtoyev Panji Norboyevichning partiya aʼzosi, qolaversa, tuman kengashi deputati nomiga dogʻ tushiruvchi nojoʻya xatti-harakatlari muhokama qilingan.
Nurtoyev tomonidan maktab oʻquvchisi boʻlgan yigitning nojoʻya xatti-harakatlariga javob tariqasida ayovsiz kaltaklanganini hech narsa bilan oqlab boʻlmasligi aytib oʻtilgan.
Qolaversa, mazkur voqeaga aniqlik kiritish maqsadida unga murojaat qilgan jurnalistning savollariga bergan bemaʼni javoblari, xususan, ishlatilgan haqoratli soʻzlari nafaqat uning oʻzi, oilasiga, balki u aʼzo boʻlgan partiyaning obroʻsiga, deputatlik shaʼniga jiddiy dogʻ tushirgani aytilgan.
OʻzLiDeP Qamashi tuman kengashi oʻz vakolatlaridan kelib chiqib, oʻzining amaldagi qonunlarga zid harakatlari bilan partiya shaʼniga dogʻ tushirgani uchun OʻzLiDeP Ustavining 3.4. bandiga asosan P.N.Nurtoyevni partiya safidan chiqarish masalasini ovozga qoʻydi. Ushbu taklif majlis ishtirokchilari tomonidan qabul qilindi.
Shuningdek, deputatning bu qilmishlari deputatlik odobining umumeʼtirof etilgan deputatlik maqomiga dogʻ tushiruvchi holat sifatida baholangan. “Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatini, Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati aʼzosini chaqirib olish toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-moddasi bilan siyosiy partiyalarga berilgan vakolatga asoslangan holda uni deputatlikdan chaqirib olish borasidagi taklif ham ishtirokchilar tomonidan maʼqullangan.
Avvalroq Qamashilik deputat farzandlari bilan maktab o'quvchisini do'pposlagani haqida xabar qilingan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling