Foto: Telegram
“Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Bu haqda bugun, 13-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boʻlib oʻtayotgan majlisida maʼlum qilindi.
Unga koʻra, amaldagi qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazganlik, tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun toʻgʻridan toʻgʻri javobgarlik belgilanmagan. Bu kabi omillar amaliyotda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Maʼlum qilinishicha, hujjatda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq holatlarda javobgarlik, mazkur ishning taalluqliligi va uni koʻrib chiqish muddatlari oʻz aksini topmoqda.
Mazkur qonunda tibbiyot xodimining tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki shu maqsadda unga turli shaklda noqonuniy taʼsir oʻtkazish holatlari uchun BHMning besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solish yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olish, fuqarolarga oʻz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishiga xizmat qilishi aytildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling