Foto: Repost.uz
Adliya vazirligi 16-dekabr kuni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ish yuritish tartibi kiritish boʻyicha [OʻRQ-810 sonli] qonun qabul qilinganini maʼlum qildi.
Unga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqadi.
Agar fuqaroni reabilitatsiya markaziga joylashtirish boʻyicha asoslar aniqlansa, ichki ishlar organi bunday shaxsni ichki ishlar organiga kelgandan boshlab 48 soatda markazga 30 sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma yuborish uchun material tayyorlaydi.
Materiallar bunday shaxs aniqlangan yoki reabilitatsiya markazi joylashgan yerdagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan beriladi.
Iltimosnoma taqdim etilgan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Mazkur tartib haqidagi qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling