O'zbekistonda 138 nafar hokim va uning o'rinbosarlari hamda 1092 nafar hokim yordamchilari davlat ishi bilan birgalikda tadbirkorlik bilan ham shug'ullanib kelayotganligi aniqlandi

Agentlik korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan tadbirlarni davom ettirmoqda

Foto: Yangi O'zbekiston<br>

Foto: Yangi O'zbekiston

2022-yilning sentyabr-oktyabr oylarida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelinayotganligi holatlari joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilsihicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlar, xususan, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyganlik holatlari tizimli ravishda oʻrganib kelinmoqda.

Oʻrganish natijalariga koʻra, ushbu viloyatlarda jami 1378 nafar davlat xizmatchilari (138 nafari hokim va hokim oʻrinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning oʻrinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari) davlat xizmati bilan birga (rahbar yoki taʼsischi sifatida) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlangan.

Shuningdek, agentlik tomonidan davlat xaridlari sohasida oʻtkazilgan oʻrganishlarda hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, gʻolib boʻlganligi maʼlum qilingan.

Xususan, 2021-2022-yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd soʻmlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va taʼminot xodimlari, 30 ta holatda injener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalarni huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining taʼsischisi (benefitsiari) boʻlgan.

Shu kabi Surxondaryo viloyatida 155 ta holatda 16,1 mlrd soʻmlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xoʻjalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda boʻlim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining taʼsischisi (benefitsiari) boʻlganligi aniqlangan.

Masalan, Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021-yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha 8 mlrd soʻmlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning yetakchi mutaxassisi taʼsischiligidagi masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilgan.

Xuddi shunday, Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd soʻmlik, Fargʻona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd soʻmlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd soʻmlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd soʻmlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mlrd soʻmlik davlat xaridlari boʻyicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

“Ushbu holatlarni bartaraf qilish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik haqida taqdimnomalar kiritildi, shuningdek, davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari boʻyicha huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling