Foto: Senat matbuot xizmati
Oliy Majlis Senatning oʻttiz oltinchi yalpi majlisini 2022-yil 27-dekabr kuni chaqiriladi. Bu haqdagi qaror 23-dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisda qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda boʻlib oʻtadigan navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yoʻnalishlar, shuningdek, “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi, “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shu bilan birga navbatdagi yalpi majlisda “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasida mahkumlarni topshirish toʻgʻrisidagi bitimni (Toshkent, 2022-yil 29-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekistonning ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlarni ham koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasining 2022-yildagi ijrosi hamda uni amalga oshirish boʻyicha 2023-yilga moʻljallangan chora-tadbirlarni tasdiqlash masalasi ham muhokama qilinadi.
Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash ham nazarda tutilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling