Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo'lib o'tgan sammitda: "Oʻzbekiston Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyor"

“Erasmus+” va “Yevropa gorizonti” dasturlari doirasida taʼlim boʻyicha Yevropaning ilgʻor metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish taklif etildi

Foto: Prezident matbuot kotibi

Foto: Prezident matbuot kotibi

Ostona shahrida birinchi “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammiti boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Yevropa kengashi prezidentlari ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda oʻz nutqini so'zladi.

Prezident Oʻzbekiston mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash uchun zarur boʻlgan muhim muloqot maydoni sifatida qarashini taʼkidladi.

 Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo boʻlmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilish uchun:

- sanoat mahsulotlarining Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini taʼminlash;

- YEI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish;

- yevropalik isteʼmolchilar oʻrtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir boʻlishi uchun qoʻshma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar oʻtkazish zarurligi ta'kidlab, ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasini taʼsis etish taklif qilindi.

Foto: Prezident matbuot kotibi

Foto: Prezident matbuot kotibi

Shuningdek, Oʻzbekiston Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligi bildirildi.

Sammit davomida “Erasmus+” va “Yevropa gorizonti” dasturlari doirasida taʼlim boʻyicha Yevropaning ilgʻor metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish, qoʻshma fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish taklif qilindi.

Noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida mintaqamiz xalqlarining madaniyatiga bagʻishlangan yirik koʻrgazma tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday tadbirlarni har yili Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda oʻtkazib borish taklifi berildi.

O'zbekiston rahbari mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.

Jumladan, Afgʻonistonga koʻmaklashish masalasida butun xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan harakati va haqiqiy koʻmagi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangilangan strategiyasi qabul qilinganidan so'ng, pandemiya sababli koʻpgina tadbirlar va masalalar toʻliq amalga oshirilmay qolgani taʼkidlandi.

Soʻzining yakunida Oʻzbekiston yetakchisi mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yoʻlida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanini taʼkidladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling