Senat Qirg'iziston bilan chegarani delimitatsiya qilish to'g'risidagi shartnomani ma'qulladi

Andijon suv ombori to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar ham ko'rib chiqildi

Foto: Senat.uz

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi muhim ikki tomonlama shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdi.

Muhokamada tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimliklari rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, ekspertlar ham ishtirok etdi.

Foto: Senat.uz

Foto: Senat.uz

Yalpi majlisda ilgari umumiy manfaatlarga erishish yo‘lida mintaqa mamlakatlarining o‘zaro yaqinlashishiga to‘siq bo‘lib kelgan ko‘plab muammoli masalalarni hal etishda oldinga siljish yuz bergani haqida so'z bordi.

Senatorlar davlat chegarasi bilan bog‘liq nizoli masalalarning hal etilishi mamlakat milliy xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Bu  bitim chegaradagi nizolarning oldini olish va noqonuniy savdoga samarali qarshi kurashish imkonini beradi.

O‘z navbatida, Andijon (Kampirobod) suv omboridan birgalikda foydalanish minglab fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz taʼminlashda ishonchli kafolatlar yaratishi aytildi.

Batafsil muhokama yakunlari bo‘yicha Senat mazkur qonunlarni maʼqullash to‘g‘risida qarorlar qabul qildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling