Farg'onadagi bog'chalarda bolalarning ovqatdan zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atildi

Qayta tekshiruvda 45 nafar tarbiyalanuvchi oziq-ovqat va sut mahsulotidan yengil darajali oʻtkir zaharlangani aniqlangan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Fargʻonadagi bogʻchalarning tarbiyalanuvchilari ommaviy zaharlangani yuzasidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

2022-yilning sentyabr oyi oʻrtalarida Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi 22, 39-sonli va Margʻilon shahridagi 16, 24-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchi bolalarni ovqatdan zaharlangan edi.

Mazkur holatlarni Bola huquqlari boʻyicha vakil joyiga chiqib oʻrgangan. Tahliliy maʼlumot tayyorlanib, yuqoridagi kabi holatlarni oldini olish maqsadida tavsiyalar ishlab chiqilgan va tegishli davlat idoralariga, xususan Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Viloyat prokuraturasining maʼlum qilishicha, holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar asosida Margʻilon shahri va Oltiariq tuman prokuraturasi tomonidan tergov oldi tekshiruv harakatlari oʻtkazilgan.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 18 nafar tarbiyalanuvchilarni oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanganlik holati yuzasidan toʻplangan hujjatlar oʻrganilib, mazkur holatda biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas deb topilgan. 18-oktyabr kuni shahar prokuraturasi tergovchisi tomonidan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Biroq mazkur qaror ishi hujjatlari boʻyicha toʻliq tekshiruv harakatlari olib borilmasdan, barvaqt qabul qilingani aniqlanib, 26-oktyabrda jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish haqidagi qaror bekor qilingan. Keyinchalik, qoʻshimcha tergovga qadar tekshirish harakatlarini olib borish uchun tuman IIB Tergov boʻlimiga yuborilgan.

Qayd etilishicha, 22 hamda 39-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida toʻplangan hujjatlar asosida oʻtkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosalari olingan. Unga ko'ra, 45 nafar tarbiyalanuvchi oziq-ovqat va sut mahsulotidan yengil darajali oʻtkir zaharlanishi, bu belgi yengil shikastlar toifasiga kirishi aniqlangan.

Yuqoridagilarga koʻra, tumandagi 22 hamda 39-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida sanitariyaga oid qonunchilikni buzilishi odamlarning ommaviy kasallanishi va zaharlanishiga olib kelgani sababli 14-oktyabr kuni Oltiariq tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan Oltiariq tumani IIB Tergov boʻlimi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling