Andijonda fuqarolarning 140 mln so'mdan ortiq pullarini o'zlashtirgan shaxs ushlandi

Nafaqadagi tanishlarining nomiga mobil ilova orqali onlayn kredit olgan va pullarni shaxsiy ehtiyojiga sarflab yuborgan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Andijon viloyati Ulugʻnor tumanida fuqarolarning 140 mln soʻmdan ortiq pul mablagʻlarini firibgarlik bilan qoʻlga kiritgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, Ulugʻnor tumanida yashovchi 27 yoshli fuqaro muqaddam ogʻirlik bilan aybli deb topilib jazo tayinlangan. Shundan soʻng mazkur fuqarobu ishga yana qoʻl urgan.

Xabarga koʻra, 2021-yil noyabr oyidan 2022-yilning avgust oyi boshlariga qadar boʻlgan vaqtda dastlab oʻzining nafaqadagi tanishlariga nafaqa pullarini koʻpaytirib berayotganini aytib, ularga tegishli boʻlgan plastik karta va passport nusxalarini qoʻlga kiritgan.

Shundan soʻng, ularning nomiga mobil ilova orqali onlayn kredit olgan.

Keyinchalik, goʻyoki nafaqa pullari koʻpayganligini aytgan holda ushbu tanishlari orqali yana 26 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularning nomlariga ham onlayn kreditlar rasmiylashtirgan.

Fuqaro firibgarlik bilan qoʻlga kiritilgan jami 140 mlm soʻmdan ortiq pul mablagʻlarini oʻzining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Hozirda, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” (oʻta xavfli retsidivist tomonidan) bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayblanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling