Foto: Telegram
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida “Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisi taʼsis etildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar bermoqda.
Qarorga koʻra:
“Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni bilan – axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan hamda sohada kamida 15 yil mehnat stajiga ega fuqarolar;
“Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan – axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat koʻrsatayotgan muhandis, elektromontyor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feldyeger kabi ommaviy kasb egalari sohani rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun taqdirlanadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlar koʻkrak nishoni hamda “Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni har yili 1-aprelgacha vazirlikka taqdim etadi.
Xabarga koʻra, koʻkrak nishoni hamda “Oʻz kasbining ustasi” belgisi har yili 7-may – aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida topshiriladi.
Shuningdek, taqdirlanganlarga BHMning toʻrt yarim baravari (1 mln 350 ming soʻm) miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
Taʼkidlanishicha, mazkur koʻkrak nishoni va belgi bilan bir shaxs bir marta mukofotlanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling