"Tashabbusli budjet” jarayonlarini amalga oshirishda salkam 6 mlrd so'mlik qonun buzilish holati aniqlandi

Prokuratura qonun buzilish holatiga yoʻl qoʻygan shaxslarni javobgarlikka tortgan, beshta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

Foto: Senat.uz

Foto: Senat.uz

“Tashabbusli budjet” jarayonlarini amalga oshirishda 257 ta loyiha boʻyicha 5,6 mlrd soʻmlik qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Bu haqda Senat yigʻilishida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, hududlarda Budjet kodeksi talablariga toʻliq amal qilinmagan. Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga tuman (shahar) byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 30 foizini yoʻnaltirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan.

Tashabbusli budjet jarayonlarining ikkinchi mavsumi doirasida respublika boʻylab 162 ta mahallada yashovchi fuqarolardan loyihalar taklif etilmagan. Jumladan, Samarqand shahrida 95 ta mahalla, Andijon va Toshkent viloyatlarida 22 tadan mahalla, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 18 ta hamda Sirdaryo viloyatida 5 ta mahalla tashabbusli byudjet jarayonida ishtirok etmagan.

Shuningdek, moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar maqsadli foydalanilishi yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilgan. Natijada 257 ta loyiha boʻyicha 5,6 mlrd soʻmlik qonun buzilishi holatlari aniqlangan.

Bosh prokuratura tomonidan tashabbusli byudjet jarayonida qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan 255 nafar shaxs intizomiy, 15 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling