Qo'qonda noto'g'ri ukol qilinishi oqibatida ikki nafar bemorning oyog'i ishlamay qoldi

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlar qoplangani bois jinoyat ishlari yarashganlik munosabati bilan tugatilgan

Foto: Yandex.ru

Foto: Yandex.ru

Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi hamshiralarining notoʻgʻri muolaja qilishi oqibatida ikki nafar bolaning oyogʻi ishlamay qoldi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, 18-aprel kuni hamshira shifokor tomonidan tavsiya etilgan “Donat” nomli antibiotikni “Lidokain”da eritib, voyaga yetmagan bemorning yonbosh sohasiga notoʻgʻri qilishi oqibatida uning oyogʻida qattiq ogʻriq kuzatilib, ishlamay qolgan.

3-iyul kuni esa hamshira Qayumova shifokor tomonidan tavsiya qilingan “No-Shpa” va “Dimedrol” dorilarini voyaga yetmagan Adhamovning oʻng yonbosh sohasiga notoʻgʻri inyeksiya qilgan. Uning ham bir oyogʻi ishlamay qolgan.

Sud tibbiyot ekspertizasi xulosasida ushbu salbiy holatlar texnik jihatdan notoʻgʻri qilingan inyeksiya oqibatida sodir boʻlgani maʼlum qilingan.

Holat yuzasidan Qoʻqon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ochiq sayyor sud majlisida mazkur ish koʻrib chiqilgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlar qoplangani bois jinoyat ishlari yarashganlik munosabati bilan tugatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling