Suriyada tarqaloyatgan vabo butun mintaqaga xavf tug'dirishi mumkin — BMT

25-avgustdan beri Suriyada 936 ta o'tkir deareya holatlari, jumladan sakkizta o'lim holati qayd etilgan

Foto: BBC News<br>

Foto: BBC News

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada so‘nggi yillarda ilk bor tasdiqlangan vabo epidemiyasi butun mintaqa uchun "jiddiy xavf" bo'lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, so'nggi uch haftada mamlakatda vaboga chalinish bo'yicha 900 dan ortiq holat qayd etilgan hamda sakkiz kishi ushbu kasallik oqibatida vafot etgan.

Ma'lum qilinishicha, kasallik Halab va Deyr-az-Zor viloyatlarida tarqalgan.

Xabarga ko'ra, vabo odamlar viloyatlar orasidan oqib o'tuvchi va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda foydalaniladigan Furot daryosining suvini ichishi oqibatida yuzaga kelgan bo'lishi mumkin.

Kasallikning tarqalishi, shuningdek, iqlim o'zgarishi va mamlakat ichidagi mojarolar sabab butun Suriyada suv yetishmayotganini ko'rsatmoqda.

BMT bergan ma'lumotlarga ko'ra, 25-avgustdan beri Suriyada 936 ta o'tkir deareya holatlari, jumladan sakkizta o'lim holati qayd etilgan.

Tashkilotning Suriyadagi gumanitar masalalar bo'yicha koordinatori Imron Rizoning ta'kidlashicha, kasallik Suriyada va mintaqadagi barcha insonlar uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Kasallanish va o‘lim holatlarining oldini olish uchun zudlik bilan shoshilinch harakatlarni ko'rish kerak.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lum qilishicha, zarar ko'rgan va boshqa xavfli hududlardagi tibbiyot muassasalariga allaqachon gumanitar yordam yetkazilgan. Ma'lum qilinishicha, toza ichimlik suvi ham yuk mashinalarida olib kelinmoqda.

Ma'lumot uchun, vabo kasalligini "vibrion" bakteriyasi keltirib chiqaradi. U oziq-ovqat va suv orqali yuqadi va kuchli diareya hamda suvsizlanishni keltirib chiqaradi.

Agar vaqtida davolanmasa, kasallik oʻlimga olib kelishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling