Toshkent viloyatida 23 nafar bog'cha bolalasi ommaviy zaharlandi

Tekshiruv natijalariga koʻra, MTTda sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq amal qilinmayotgani, taomlaridan, oshxona anjomlari yuzalaridan bakteriyalar aniqlangan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Sanitariya-epidemiologiya xizmati xabariga koʻra, joriy yilning 28-sentyabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar boʻlimiga 8-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotining 23 nafar tarbiyalanuvchisi koʻngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tana haroratining (37-39 daraja) koʻtarilishi va tomogʻida ogʻriq shikoyatlari bilan murojaat qilishgan.

Shifokorlar koʻrigidan soʻng, ulardan 15 nafariga “Oʻtkir respirator infeksiya. OʻRI. Funksional diareya” birlamchi tashxisi qoʻyilib, shifoxonaga yotqizilgan. 8 nafariga esa koʻrsatilgan birinchi tibbiy yordamdan keyin qoniqarli ahvolda uylariga ruxsat berilgan.

Oʻtkazilgan muolajalardan keyin ahvoli yaxshilangan barcha bemorlarga 2-oktyabrga qadar uylariga ruxsat berilgan.

Bemorlardan olingan namunalarning tahlillari natijalariga koʻra, ulardan 3 nafarida "Shigella dysenteriae sonnei" bakteriyalari aniqlandi.

Qayd etilishicha, maktabga cha ta'lim tashkiloti ichimlik va oqova suv tizimlari, oshxona anjomlari, havo soʻruvchi ventilyatsiya tizimi, hojatxonalar sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq amal qilinmayotgani aniqlangan.

Bundan tashqari, MTTda faoliyat yuritayotgan xodimlardan 4 nafari tibbiy koʻrikdan oʻtmagan. MTTda taomlari (sutkalik namunalar) va oziq-ovqat mahsulotlari, oshxona anjomlari va yuzalaridan olingan namunalarda ichak tayoqchalari guruhiga mansub bakteriyalar (ITBG) aniqlangan.

8-MTTning ish faoliyati yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatilgan hamda MTT direktoriga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling