Foto: uzreport.news
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent arxitektura qurilish institutiga tashrif buyurdi. Bu haqda Daryo xabar berdi.
Ta'kidlanishicha, davlat rahbari kuni kecha Hindistonda o‘tkazilgan shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar haqida gapirgan.
“Shaxmatga oid 3 yilda uchta qaror qabul qildik. Nima uchun? Biz 20 yil davomida bu sohada kechikkanimiz uchun qarorlarni qabul qildim. 2026-yilgi shaxmat Olimpiadasiga endi barcha boshqacha tayyorgarlik ko‘radi. “Biz chempionlar yurtiga boryapmiz”, deyishadi”, — deb ta'kidlagan prezident.
Shuningdek, davlat rahbari chempionlar munosib taqdirlansa bu boshqalarga motivatsiya bo'lishini, buni ko'rib hamma ota-onalar farzandini shaxmat to'garagiga berishni boshlashi mumkinligini qo'shimcha qilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni imzolagan qaroriga binoan shaxmatchilarga 600 milliondan berilishini ta'kidlab o'tgan.
“Shuningdek, ularga davlat mukofotlarini ham beramiz. Bundan tashqari, ularga avtomobil berishni ham rejalashtirdik. Axir ularning bokschilardan nimasi kam?”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling