Foto: "Mehr" axborot agentligi
Eronning Sheroz shahrida joylashgan Shoh Cherax maqbarasida terakt sodir etildi. Hujum oqibatida 15 kishi halok boʻlgan, oʻnlab odamlar yaralangan. Bu haqda “Mehr” axborot agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, halok boʻlganlar orasida kamida bir nafar ayol va ikki nafar bola bor.
“Eron rasmiylarining maʼlum qilishicha, 26-oktyabr kuni tushdan soʻng uch nafar qurollangan nomaʼlum shaxs Shoh Cherax maqbarasiga bostirib kirib, kamida 15 kishini oʻdirgan, koʻplab odamlarni yaralagan”, — deb yozadi agnetlik.
Fars viloyati rahbari oʻrinbosari Esmoil Mohebipur mahalliy televideniyelarga bergan intervyusida terakt sodir etganlarning bir nafari hibsga olinganini maʼlum qilgan.
Maʼlumot uchun, XIV asrida qurilgan Shoh Cherax maqbarasi Sheroz shahrining diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi.