To'qayev: "Qozog'istonda oligarxlik va kapitalizm davriga chek qo'yiladi"

Oʻzining chiqishida Qozogʻiston rahbari mamlakat yangi siyosiy davrga kirayotganiga alohida urgʻu bergan

Foto: Arkoda.kz

Foto: Arkoda.kz

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Qaragʻanda jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvda yangilangan konstitutsiya asosida muhim siyosiy institutlar qayta ishga tushirilishi, barcha fuqarolarning farovonligi yoʻlida xizmat qiladigan ochiq va raqobatbardosh iqtisodiy tizim yaratilishini taʼkidladi.

Toʻqayev Qozogʻistonda oligarxik kapitalizm davriga nuqta qoʻyilishini alohida taʼkidlab oʻtgan.

“Davlat mamlakatda faoliyat olib borayotgan va qazilma boyliklari bilan shugʻullanayotgan barcha yirik kompaniyalar faoliyatini sinchiklab kuzatadi. Biz kapital xorijga noqonuniy olib chiqib ketilishiga yoʻl qoʻymaymiz. Ularning turli ijtimoiy loyihalarni qanday amalga oshirayotganini kuzatib turamiz.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ekologiyani himoya qilishga alohida eʼtibor qaratiladi. Soliq toʻlovlari alohida nazoratga olinadi. Agar yirik sanoat korxonalari bu talablarga javob bermasa, biz hamkorlikni tugatishga majbur boʻlamiz. Bu aslo tahdid emas, balki butun sivilizatsiyalashgan dunyoda umumqabul qilingan oddiy, halol va adolatli ishlash qoidalaridir.

Qozogʻistonda oligarxik kapitalizm davri tugab, mamlakat fuqarolari oldidagi ijtimoiy masʼuliyat davri boshlanmoqda. Fuqarolarimizga mamlakat iqtisodiyotida yetakchi oʻrinni tutgan samarali va ijtimoiy masʼul biznes kerak”, — degan Toʻqayev.

Oʻzining chiqishi yakunida Qozogʻiston rahbari mamlakat yangi siyosiy davrga kirayotganiga alohida urgʻu bergan.

“Yangilangan konstitutsiya asosida muhim siyosiy institutlar qayta ishga tushiriladi, barcha fuqarolarning farovonligi yoʻlida xizmat qiladigan ochiq va raqobatbardosh iqtisodiy tizim yaratiladi. Biz bu borada endigina dastlabki qadamlarni qoʻydik. Oldimizda sud tizimi, huquq-tartibot organlarini tubdan isloh qilish vazifasi turibdi. Natijada qonunga itoatgoʻylik va huquqiy tartibot hayotimizga baho beruvchi bosh mezonga aylanadi. Qadriyatlarni qayta baholashga erishishimiz lozim, mehnatsevarlik bosh planga chiqishi kerak”, — deydi Qozog'iston rahbari.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling