Foto: Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi
Toshkent metrosining Chilonzor yoʻnalishi “Buyuk ipak yoʻli” metro stansiyasida Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti xodimi tomonidan elektropoyezdda shubhali quti va ryukzak qoldirib ketilgani aniqlandi.
Qoldirib ketilgan buyumlar oʻrindiq yonidan topilgan. Masʼul xodim zudlik bilan navbatchilik qismiga xabar bergan. Ryukzak va qutida portlovchi qurilma bor-yoʻqligini tekshirish uchun hodisa joyiga IIV maxsus guruhi jalb etilgan.
Tekshiruvlar natijasida qoldirib ketilgan ryukzak va qutida portlovchi moddalar hamda shubhali buyumlar yoʻqligi aniqlangan. Oradan 30 daqiqa oʻtgach, fuqaro metropoliten xodimiga murojaat qilib, poyezd ichida narsalari qolib ketganligini maʼlum qilgan. Fuqaro bilan suhbat oʻtkazilib, dalolatnoma tuzilgan va qoldirib ketilgan buyumlar oʻz egasiga topshirilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling