Kobuldagi portlash qurbonlari 43 kishiga yetdi

Aniqlanishicha, qurbonlarning aksariyatini qizlar va ayollar tashkil qilmoqda

Kobulda ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan portlash qurbonlari soni 43 kishiga yetdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi Twitter sahifasi orqali xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning asosiy qismini qizlar va ayollar, shuningdek, yoshlar tashkil qilmoqda.

"Afg'oniston poytaxtining Hazora tumanida juma kuni sodir bo'lgan kollej portlashi qurbonlari soni ortishda davom etmoqda. 43 kishi halok bo'ldi. 83 kishi yaralandi. Kobuldagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi inson huquqlari guruhlari bilan tekshirish jarayonlarini davom ettirmoqda", — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Kobuldagi ta'lim muassasasida portlash sodir bo'lgani haqida xabar berilgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling