Kelasi oʻquv yilidan barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham bepul ovqatlanish joriy etiladi

Yil boshidan Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 285 ming nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyilgan

Kelasi oʻquv yilidan barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham bepul ovqatlanish joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.

“Yil boshidan Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 285 ming nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyildi. Bu borada yetarli tajriba orttirdik.

Endi, kelasi oʻquv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion soʻm ajratiladi”, — Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, kelasi oʻquv yilidan ikki smenalik taʼlim yoʻq qilinadi.

“Milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish — zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak.

2023-yilda Oʻzbekistonda 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Ikki smenalik taʼlimni yoʻq qilamiz”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarining deyarli yarmi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelishiga eʼtibor qaratdi.

“Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelayotgani hammamizni oʻylantirishi kerak.

Shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur.

Bu maqsadda 2023-yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi.

Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy etiladi.

Kelasi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi”, — Shavkat Mirziyoyev.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling