Foto: Prokuratura Departamenti
Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida qalbaki yogʻ mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan sex faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oʻzbekiston tuman boʻlimi tomonidan DXX, DSI va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan.
Tekshiruvlar davomida, Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida fuqaro yashash xonadonida yashirin sex tashkil qilib, “T.e.” MCHJning mahsulot yorligʻidan foydalangan holda qalbaki yogʻ mahsulotlarini qadoqlash faoliyati bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlangan.
Shuningdek, ushbu sexdan jami ikki ming dona yelim idishlardagi 1,8 tonna isteʼmolga yaroqsiz yogʻ mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling