Boysundagi “Mustaqillik-25” konidagi 202-quduqda 5-may kuni soat 6:10 da tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytalanishi kuzatildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning tarqalishini oldini olish maqsadida gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborildi. Ayni paytda barcha zarur tadbirlar xavfsizlik choralariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Hodisa sodir bo‘lgan hudud tegishli xizmatlar tomonidan o‘rab qo‘yilgan va hozirgi vaqtda ushbu hudud FVV, “Sanoatkontexnazorat” DI hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.
Yuzaga kelgan hodisa yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun xavf tug‘dirmaydi.
Avariyani bartaraf etish maqsadida hodisa joyida “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari hamda xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda.