Toshkent viloyatida fuqaro "qimor va bangixona" tashkil qilgani aniqlandi — video

Huquq-tartibot idoralari xodimlari 108 dona oʻyin kartasi, pul, giyohvand moddalar va boshqalarni musodara qildi

Foto: IIBB Axborot xizmati

Foto: IIBB Axborot xizmati

Toshkent viloyatining Chinoz tumanida uyida yashirin kazino tashkil qilgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

22-noyabr kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan reyd tashkil qilingan. Xodimlar “Obixayot” mahallasida yashovchi fuqaroning xonadonini tekshirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u ijaraga olgan uyida kazino ochgan. Gumonlanuvchi qimor oʻynashdan tashqari “qimorbozlar”ga marixuana sotib olishni taklif qilgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 108 dona o‘yin kartasi, narda va toshlari, 1,5 mln so‘m, marixuana solingan beshta qog‘oz o‘ram va giyohvand moddalarni iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan uskunalar olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 4-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar, shuningdek ularni realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling