"Oiladagi zo'ravonlikni jinoyat deb baholash vaqti keldi" — Saida Mirziyoyeva

Uning fikricha oiladagi zoʻravonlik — oilaning ichki ishi emas, bu muammo butun jamiyatga tegishli

Foto: Telegram<br>

Foto: Telegram

Saida Mirziyoyeva Toshkentda oʻtkazilgan zoʻravonlikka qarshi kurashni institutsionalizatsiya qilish boʻyicha xalqaro anjumanda Oʻzbekistonda jamiyat zoʻravonlikka nisbatan juda sabrli ekani haqida fikr bildirdi. Bu haqda BBC Oʻzbek xizmati maʼlum qildi.

“Menimcha, zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning oʻzi qarshi ekaniga urgʻu berishimiz lozim. Oiladagi zoʻravonlik — oilaning ichki ishi emas, bu muammo butun jamiyatga tegishli. Ayol oʻz dardi bilan yolgʻiz qolib ketmasligi kerak”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonda “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turkum tadbirlar tashkil etilmoqda. 25-noyabridan 10-dekabrgacha davom etadigan tadbirdan davlat va jamiyatning ayollar huquqi va gender tenglik muammolariga eʼtibor qaratishini maqsad qilgan.

“Nega bu mavzu biz uchun muhim? Nega ushbu vaziyatdan chiqish yoʻlini tinimsiz, astoydil qidirayapmiz? Xalqaro institutlarga murojaat qilib, ulardan koʻmak soʻrayapmiz va tajribalarini oʻrganayapmiz. Loyiha ketidan loyiha yaratyapmiz. Muammolarning sababini oʻrganyapmiz. Lekin barcha harakatlarga qaramay, bu borada hali biron bir arzigulik oʻzgarish boʻlgani yoʻq, nazarimda”, — deydi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, u oʻzbek jamiyatida gender tenglik rivojlangan mamlakatlarda boʻlgani singari yuqori darajaga erishishiga harakat qilishini, ammo bu yoʻlda muammolar koʻpligini taʼkidlagan.

“Afsuski, jamiyatimizning aksariyat qismi anʼanalarni qonunlardan ustun qoʻyadi. Bizning zaif tomonimiz ham aynan shunda", — deydi Prezident adminstratsiyasi shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, anjumanda Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq muammolar ham koʻtarilgan.

“Voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Bu borada bolalar va oʻsmirlarni himoya qilishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Oiladagi zoʻravonlikni jinoyat deb baholash vaqti keldi”, — deya taklif bildirgan Saida Mirziyoyeva.

Shu bilan birga, ushbu muammo hal etilishi uchun davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi lozimligini taʼkidladi.

“Biz jamiyatning oʻzgarishiga ham, gʻoyalarimizning qoʻllab-quvvatlanishiga ham umid qila olmaymiz. Ayollar va bolalarning manfaatlari eʼtibordan chetda qolib, ular vaziyatning zaif va nochor qurboni tarzida namoyon qilinar ekan, rivojlangan, madaniyatli va sogʻlom jamiyatni barpo etish haqida orzu qilmasak ham boʻladi. Rivojlangan jamiyat rivojlangan ong va oʻzaro tenglikdan boshlanadi. Aynan bizning avlodimizga uzundan uzoq boʻlgan yoʻlning eng ogʻir qismini bosib oʻtishga toʻgʻri kelmoqda. Barchamizning kuchlarimizni birlashtirish vaqti keldi”, — deydi Saida Mirziyoyeva.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling