Namanganda er-xotin tarvuzdan zaharlanib, vafot etdi

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda

Foto: Bezzia.com<br>

Foto: Bezzia.com

Namangan viloyati Norin tumanida er-xotin tarvuzdan zaharlanib, vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma'lum qildi.

2022-yil 11-avgust soat 09:30 larda Norin tumani, "Katta yaydoq" MFY, G'.G'ulom ko'chasi 115-uyda yashovchi fuqarolar va farzandlari hamda nabiralari 7-avgust kuni tuman dehqon bozoridan sotib olgan hamda ikki kun muzlatkichda saqlab, 9-avgustda iste’mol qilgan tarvuz mahsulotidan zaharlangan.

Oqibatda er va xotin vafot etgan, qolganlar tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

Norin tumanlararo STEBning 2022-yil 11-avgustdagi 71 va 72-sonli dastlabki ma'lumotiga ko'ra, marhumlarning o'limiga — noma'lum agentdan (ovqat mahsulotidan) zaharlanishi, ichki a'zolar shok holati, qonning suyuq holda bo'lishi, surunkali yurak ishemik kasalligi, o'tkir miya o'pka shishi, o'tkir yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgani ko'rsatilgan.

Zaharlanish sababiga aniqlik kiritish maxsus bilim talab qilishini inobatga olib, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling