Litsenziyasi bekor qilingan “Turkistonbank” omonatchilarining mablag'lari muddatidan avval qaytariladi

Omonatchilar o'z mablag'larini "Qishloq qurilish bank"dan olishlari mumkin

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Oʻzbekiston Markaziy banki boshqaruvining 7-oktyabrdagi qaroriga asosan “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olingan. Shu sababli bank omonatchilarning mablagʻlarini muddatidan avval qaytaradi.

Qayd etilishicha, fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining 2022-yil 18-noyabrdagi qaroriga asosan “Turkistonbank” omonatchilarining mablagʻlarini muddatidan avval qaytirilishi belgilangan.

21-noyabrdan boshlab “Turkistonbank” omonatchilari boʻlgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablagʻlari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank”ka murojaat etishlari mumkin.

Taʼkidlanishicha, omonatchilar qaytarib olinayotgan pul mablagʻlarini oʻzlari xohlagan tarzda – naqd pul shaklida olishi, bank kartasiga koʻchirishi yoki agent-bank boʻlgan “Qishloq qurilish bank”ka omonatga qoʻyishi mumkin.

“Fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq tegishli hujjatlarning asl nusxalari (pasport, omonat daftarchasi, omonat shartnomasi, notarius tomonidan tasdiqlagan ishonchnoma) koʻrsatilgan taqdirda omonatchilarning qonuniy vakillariga yoki ularning huquqiy vorislariga ham toʻlab beriladi”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling