Foto: Open source
Repost.uz nashri O'zbekiston va dunyo bo'yicha eng qiziq sport xabarlarini qisqa va tushunarli ko'rinishda bir joyga jamladi.
O'zbekistonlik amputant futbolchilarga ham avtomobil sovgʻa qilinadi
Foto: Open source
Jahon chempionatida gʻolib va sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston amputant futbolchilar terma jamoasi aʼzolari qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston amputant futbolchilar terma jamoasi aʼzolari Chevrolet Cobalt avtomobili bilan taqdirlanadi.
Matonatli futbolchilarimizga ushbu mukofotlar 3-dekabr – xalqaro nogironlar kuni arafasida topshiriladi.
Eron – AQSH uchrashuvidan soʻng eronlik muxlis otib oʻldirildi
Foto: The Guardian
Jahon chempionatining 3-turi doirasidagi Eron – AQSH uchrashuvidan soʻng eronlik muxlis politsiya tomonidan oʻldirilgan.
Voqea 29-noyabr kuni Anzalida yuz bergan, Eron milliy terma jamoasi magʻlubiyatidan soʻng 27 yoshli Mehran Samak Eron terma jamoasining magʻlubiyatini va Eron termasining mundialni muddatdan avval tark etganini oʻz avtomobilida signal chalib nishonlagan va shundan soʻng mahalliy politsiya Mehranga qarata oʻq uzgan va muxlis hodisa joyida vafot etgan.
Eslatib oʻtamiz, Eron guruh bosqichidagi soʻnggi bahsda AQSHga magʻlub boʻldi va guruhda qolib ketdi.
Messi Meksika terma jamoasi libosi polga tashlangani bilan bogʻliq voqeaga izoh berdi
Foto: Open source
Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi birinchi marta Meksika terma jamoasi libosi bilan yuz bergan vaziyat haqida gapirdi.
U shu sabab bilan Meksika xalqiga nisbatan hurmatsizlikda ayblangandi.
“Bu – tushunmovchilik. Meni taniganlarning hammasi hurmatsizlik qilmaganimni tushunadi. Bu shunchaki kiyinish xonasi va oʻyindan keyingi narsalar. Men kechirim soʻraydigan narsa yoʻq, chunki hech qachon Meksika xalqiga yoki Meksika terma jamoasi libosiga hurmatsizlik koʻrsatmaganman”, – dedi Messi.
Neymarning qiyofadoshi xavfsizlik xodimlarini aldab, stadionga tashrif buyurdi va muxlislar bilan suratga tushdi
Neymarga oʻxshash shaxs stadion xavfsizlik xodimlarini chuv tushirib, oʻzini Braziliya super yulduzi sifatida tanishtirgan holda maydonga kirishga ruxsat oldi.
Neymar Serbiyaga qarshi oʻyinda (2:0) toʻpigʻidan jarohat olgandi va guruhning soʻnggi ikki oʻyinida qatnasha olmasligi maʼlum boʻldi.
Hujumchi Shveysariyaga qarshi toʻqnashuvga tashrif buyurmadi va televizor orqali mazkur bahsni tomosha qildi, biroq PSJ futbolchisining qiyofadoshi uning yoʻqligini bildirmadi.
Sochi, soqoli va tatuirovkasi Neymarnikiga oʻxshash boʻlgan kimsa rasmiy Braziliya sport formasida “974” stadioniga tashrif buyurdi.
Oʻyindan oldin u shaxsan maydonga kuzatib qoʻyildi va erta kelgan bir necha muxlislar bilan selfi tushdi.
Ijtimoiy tarmoqqa joylangan ushbu video 6,8 million marta tomosha qilingan.
Shundan soʻng u tribunaga borib joylashdi va uni haqiqiy Neymar deb oʻylagan muxlislar tomonidan oʻrab olindi.
Futbol qiroli Pele ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizildi
Foto: Sky News
Dunyoning eng yaxshi futbolchisi, braziliyalik Pele turli xil shishlar va yurak yetishmovchiligi tufayli shifoxonaga yotqizildi.
Braziliyalik sobiq futbolchi Pele 29-noyabr kuni kutilmaganda San-Paulu shifoxonasiga yotqizildi. Uning tanasida koʻplab shish va yurak yetishmovchiligi aniqlangan. Futbolchining qizi uning shifoxonada ekanini tasdiqlagan.
Pele ichaklari, jigari va oʻpkasida oʻsmalar paydo boʻlgani tufayli bir necha oy davomida kimyoterapiya muolajasini olib kelayotgan edi. Biroq uning foydasi boʻlmagani aytilmoqda. 30-noyabr kuni Pele yana tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim.
Pele 82 yoshda. 2021-yil sentyabr oyida u yoʻgʻon ichakdagi oʻsimtani olib tashlash boʻyicha operatsiya qilindi. 2022-yilda esa uchta xavfli oʻsma va siydik yoʻllari infeksiyasini davolash uchun ikki marta shifoxonaga yotqizilgan edi.
Edson Arantes du Nasimentu yoki “Pele” uch marta (1958, 1962, 1970) jahon chempioni boʻlgan dunyodagi yagona futbolchi, XX asrning eng yaxshi futbolchisi hisoblanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling