Foto: Yandex
Repost.uz nashri O'zbekiston va dunyo bo'yicha eng qiziq sport xabarlarini qisqa va tushunarli ko'rinishda bir joyga jamladi.
UFCʻga oʻta olmagan Anvar Boynazarovning navbatdagi raqibi va jang sanasi maʼlum boʻldi
Foto: Google source
Oʻzbekistonlik MMA jangchisi, sobiq muay-tay ustasi Anvar Boynazarov (3-1)ning navbatdagi jangi boʻyicha tafsilotlar maʼlum boʻldi.
Unga koʻra, Boynazarov amerikalik UFC jangchisi Xorxe Masvidal egalik qiluvchi "IKON Fighting Championship" ligasida jang qiladi. Anvarning jangi 2-dekabr kuni Orlandoda boʻlib oʻtadi. Oʻsha kuni Anvarga tojikistonlik Behzod Usmonov (10-4) raqiblik qilishi kutilmoqda.
Pele: “Oltinchi yulduzni intizorlik bilan kutyapman”
Foto: Twitter
Braziliya terma jamoasi tarkibida uch karra Jahon chempioniga aylangan Pele Qatarda boshlanadigan boʻlajak turnirdan kutayotgan umidi haqida gapirdi.
“Oxirgi marta Braziliya libosini kiyganimda, gerbimiz tepasida uchta yulduz bor edi. Hozir ularning soni beshta. Men oltinchi yulduzni intizorlik bilan kutyapman. Men bu jamoaga ishonganim uchun shu yerdaman, jamoamizga omad tilash uchun keldim”, – dedi Pele.
Ronaldu "PSJ"ga oʻtishi mumkin boʻlgani haqida gapirdi
Foto: Joinfo.com
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu 2019-yilning kuzida PSJga oʻtish imkoniyatlarini koʻrib chiqqani haqida gapirdi.
“Eshiklar ochiq. Faqatgina Parijning oʻzida yashaydigan portugaliyaliklar bilan stadionni toʻldirish mumkin edi. Men 50 ming portugaliyalik bilan toʻlgan ”Park de Prens“ stadionida oʻynashni tasavvur qilishim mumkin. Bu ajoyib boʻlardi”, - dedi Ronaldu.
Farg'onalik futbolchi hamkasblarining 18 mln so'mda ortiq pulini o'girlagani aytilmoqda
Jizzaxlik 29 yoshli hamda surxondaryolik 28 yoshli futbolchilar ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxs ularning bank kartalaridagi umumiy 18 mln so'mdan ortiq pullarini yechib olinganligini bildirishgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida pullarni oʻzlashtirgan shaxs futbol klubi aʼzosi — Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida yashovchi 18 yoshli shaxs ekanligi aniqlangan.
Ushbu shaxs jinoyatni futbol klubi jamoasi mashgʻulotlar oʻtkazgan vaqtda futbolchilar buyumlari qoldirilganligidan foydalanib, telefon qurilmalaridan bank kartasi ulangan sim-kartalarni oʻzining qurilmasiga oʻtkazib, SMS-xabarnomalarni qoʻlga kiritish yoʻli bilan amalga oshirganligi maʼlum boʻlgan.
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o'yin uchun ikki murabbiyni futboldan chetlatdi
16 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Buxoro FMM — Namangan FMM uchrashuvining 70-daqiqasiga qadar namanganliklar 2:1 hisobida oldinda borayotan boʻlgan.
OʻFA matbuot xizmatining qayd etishicha, Buxoro FMM jamoasi bosh hakam tomonidan qoʻshib berilgan to'rt daqiqa ichida — 70+2 va 70+4-daqiqalarda Namangan FMM jamoasi darvozasini “shubhali tarzda” ishgʻol qilgan. “Eng achinarlisi, Namangan FMM va Buxoro FMM jamoalari futbolchilari gollardan soʻng bir-birini ochiqchasiga tabriklagan”, — deyiladi assotsiatsiya axborotida.
Shu munosabat bilan, Professional futbol maktablari ligasi Tashkiliy qoʻmitasining 19-oktyabrdagi yigʻilish bayoniga koʻra, Namangan FMM va Buxoro FMMlarning 2006-yilda tugʻilgan jamoalari “sport prinsiplariga xos boʻlmagan kelishilgan oʻyinda qatnashganliklari sababli” ularning 7-turdagi natijasi bekor qilingan va har ikkala jamoa musobaqadan chetlatilgan.
Shuningdek, Buxoro FMM U-16 jamoa bosh murabbiyi va Namangan FMM U-16 jamoasi bosh murabbiyi OʻFA Intizom kodeksining bir yil muddatga futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlatilgan.