O'zbekistonda 1000 so'mlik tangalar muomalaga chiqariladi — foto

Avvalgi 1000 soʻmlik banknotlar ham toʻlov qobiliyatini yoʻqotmaydi

Foto: Open source

Foto: Open source

Markaziy bank 26-dekabridan boshlab nominal qiymati 1000 soʻm boʻlgan tanga koʻrinishida pul belgilari muomalaga chiqarilishini maʼlum qildi.

Tanga koʻrinishidagi pul belgisi 2 xil rangdagi kombinatsiyadan iborat boʻlib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.

Uning diametri — 26,27 mm., ichki disk diametri — 17,6 mm., qalinligi — 1,6 mm., ogʻirligi — 7,3 gr. Old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi”ning binosi tasvirlangan. Tasvirning pastki qismida botiq holda tanga qiymati 1000 raqami va lotin bosma harflarida soʻm soʻzi yozilgan.

Foto: Central bank

Foto: Central bank

Tanganing orqa tomoni (revers) markazida Oʻzbekistonning davlat gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi boʻylab bosma lotin harflarida aylanasimon koʻrinishda Oʻzbekiston markaziy banki soʻzlari yozilgan.

Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil — 2022 raqami koʻrsatilgan. Tanganing yon qirrasi silliq ishlangan.

Qayd etilishicha, muomalaga chiqarilayotgan 1000 soʻmlik tanga koʻrinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada boʻlgan 2001-yil namunasidagi 1000 soʻmlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada boʻladi.

Yaʼni, 2001-yil namunasidagi 1000 soʻmlik banknotlar ham toʻlov qobiliyatini yoʻqotmaydi.

Shuningdek, yangi koʻrinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling