Foto: podrobno.uz
Coca-Cola Superliganing 18-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” — “Navbahor lochinlari” uchrashuvi yakunida ko‘ngilsiz voqea kelib chiqqani bir qator sport nashrlari tomonidan ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, mehmonlar ustozi Samvel Babayan matbuot anjumaniga kirish chog‘ida futbol muxlislaridan biri bilan tortishib qolgan.
Qayd etilishicha, mazkur vaziyatga Milliy gvardiya xodimlari ham aralashgan. Babayanning baland ovozda xunuk so‘zlar bilan baqirayotganini eshitgan ayrim jurnalistlar matbuot anjumanlari xonasidan ko‘chaga yugurib chiqqan. Bu vaqtda mutaxassis OAV xodimlari holatni tasvirga tushirmoqda degan fikrda, o‘z sheriklaridan Championat.asia nashri vakilining telefonini tortib olish hamda undagi videotasvirlarni o‘chirib tashlashni talab qilgan.
Shundan keyin Babayanning sherigi jurnalistning qo‘lidan uning shaxsiy telefonini tortib olib, o‘zboshimchalik bilan undagi materiallarni o‘chirib tashlagan. Bu harakatlarni vaziyatga guvoh bo‘lgan boshqa nashrlar ham tasdiqladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zPFL Samvel Babayanning mazkur ishini Tartib-intizom qo‘mitasiga oshirdi va unga qadar murabbiyning litsenziyasini qaytarib oladi. Shuningdek, qo‘mitada ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtda jazo engilroq bo‘lishi uchun “Navbahor lochinlari” futbol klubi va shaxsan Samvel Babayanni OAV vakillaridan uzr so‘rashga chaqirgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling