Videodan screenshot
Samarqand viloyatining Urgut tumani “Etakbeshkapa” mahallasida toʻy vaqtida yoʻqolib qolgan 4 yoshli bolaning jasadi toʻyxona yaqinidagi quduq ichidan topildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, 26-sentabr kuni Urgut tumani prokuraturasiga tumanning “Xoʻjayduq” mahallasida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, 25-sentabr kuni soat 16:00 larda “Etakbeshkapa” MFYda joylashgan toʻyxonaga 4 yoshli nabirasi bilan borgani va bir oz vaqtdan soʻng uni yoʻqotib qoʻyganini aytib, topishda amaliy yordam soʻragan.
Arizaga asosan viloyat prokuraturasi, viloyat IIB, tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan birgalikda qidiruv tadbirlari amalga oshirilgan. Qidiruvlar natijasida, 30-sentabr kuni toʻyxona atrofidagi ichimlik suvi qazib olish uchun moʻljallangan 8 metrlik quduqdan bolaning jasadi profilaktika inspektori tomonidan topilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Shu kabi holatlarda farzandlarni eʼtiborsiz qoldirmasliklarini soʻrab qolamiz”, — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling