Foto: DW.com
Peru politsiyasi va prokuraturasi Limadagi prezident saroyida tintuv o'tkazdi. Bu haqda "Deutsche Welle" xabar bermoqda.
Unga ko'ra, huquq-tartibot idoralari Peru prezidentining kelini Yenifer Paradesni korrupsiyada ayblab, uni hibsga olish uchun berilgan orderdan so'ng tintuv o'tkazgan.
Ushbu reyd harakatini prezident Pedro Kastilyo qattiq tanqid qildi va u Bosh prokuraturani mamlakatdagi "konstitutsiyaviy va demokratik tuzumni buzish"da aybladi.
"Konstitutsiyaviy va demokratik tuzumni buzishga intilayotganlar mening saylovimni tan olmaslik uchun soxta ayblovlarni da'vo qilayotganlardir", – deya ta'kidladi prezident.
Shuningdek, u ushbu tintuvni "noqonuniy" deb atagan.
Ta'kidlashicha, politsiyaning bunday operatsiyasi mamlakatda misli ko‘rilmagan holat.
Qidiruv deyarli to‘rt soat davom etgan, biroq agentlar qochib yurgan Paredesni topa olmagan.
Ma'lumotlarga ko'ra, u prezidentning yashash joyi bo'lgan Kajamarkadagi kanalizatsiyani tozalash loyihasida noqonuniy ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
Yenifer Paredes hukumat saroyidagi prezident qarorgohida Kastilyo va uning oilasi bilan yashagan. U iyul oyi o'rtalarida prokuratura va Peru Kongressi qo'mitasi oldida guvohlik berishga chaqirilgan edi.
Hozirda, poytaxtning boshqa hududlarida bir vaqtning o'zida yana bir qancha sud reydlari o'tkazilib, shahar hokimi va ikki tadbirkor xuddi shu korrupsiya tarmog'iga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling