Foto: Tez News
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumanida yashovchi 49 yoshli ayol jiyani sud qarorisiz qamoqqa olinganini aytib, prezidentga yoʻllagan videomurojaati tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar Bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur murojaat tegishli tartibda Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan oʻrganilgan.
Maʼlum qilinishicha, 2022-yilning 2-dekabr kuni Piskent tumanida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida, Ichki ishlar boshqarmasi Probatsiya hisobida turuvchi 24 yoshli fuqaro (videomurojaat yoʻllagan ayolning jiyani) bir necha bor ogohlantirilgan boʻlsada, sudning hukmi bilan oʻtashi lozim boʻlgan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosidan boʻyin tovlab kelgani aniqlangan.
Shundan soʻng, mazkur fuqaro belgilangan cheklovlarga amal qilmagani sababli unga tayinlangan jazo shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan
Sud ajrimiga koʻra, u sayyor sud majlisida shu zaldan qamoqqa olingan va tegishli tartibda hibsxonaga joylashtirilgan.
IIB Probatsiya boʻlimi xodimlari tomonidan shu kunning oʻzida fuqaroning ota-onasi bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, jarayonda oʻgʻlining qonun buzilishiga yoʻl qoʻygani uchun sudda oʻgʻlining jazosi almashtirilgani toʻgʻrisida huquqiy tushuncha berilgan.
Xabarga koʻra, 24 yoshli ayblanuvchi 2022-yil 12-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Piskent tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2 qismi bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling