Poytaxtda qurilayotgan, goʻyoki "tomi qiyshiq" boʻlgan bino boʻyicha Qurilish vazirligi izoh berdi

Videoda qurilayotgan binoning yuqori qavatlarida qiyshiq temir-beton ustunlar oʻrnatilgani aks etgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkent shahar Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyi yaqinida qurilayotgan binoning tepa qismi qiyshiq qurilayotgani aytilgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu video yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi munosabat bildirdi.

“Ushbu obyekt zamonaviy arxitektura namunasi sifatida oʻziga xos dizayn asosida loyihalashtirilgan boʻlib, bu bino konstruktiv elementlarida kamchiliklar borligini anglatmaydi. Qurilish ishlari belgilangan talab va meʼyorlar asosida amalga oshirilmoqda”, — deyiladi vazirlik munosabatida.

Xususan:

• tasdiqlangan loyiha hujjatlarining KJ (temir-beton konstruksiyalar) boʻlimining yechimlariga asosan 23-qavatdan 26-qavatgacha K-4 va K-5 quyma temir-beton ustunlar egilgan holda loyihalashtirilgan hamda bu qurilish meʼyorlari va qoidalariga asosan bajarilgan;

• ishchi loyiha hujjatlari “MB STUDIO” MCHJ tomonidan ishlab chiqilganidan soʻng “Zilzilabardosh qurilishning ilmiy-tadqiqot va loyiha markazi antiseismic” MCHJ tomonidan ushbu hudud seysmikasiga yondashgan holda tekshirilgan va 2021-yil 16-martda bu borada ham ijobiy xulosa olingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling