“Жара” festivali qoldirildi

“Жара” musiqiy festivali boshqa kunga qoldirildi, yangi sanasi esa nomaʼlum. “Dunyodagi hozirgi vaziyat keng koʻlamli musiqiy tadbirlarni oʻtkazish uchun qulay emas”, deya maʼlum qildi iTicket chiptalar agregatori.

Foto: Afisha.uz

Foto: Afisha.uz

Toshkentda 20−21-may kunlari boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan “Жара” xalqaro musiqa festivali qoldirildi, deya xabar qildi iTicket chiptalar sotish xizmati.

Festival qaysi vaqtga yoki sanaga qoldirilgani aytilmagan.

“Afsuski, dunyodagi hozirgi vaziyat keng koʻlamli musiqiy tadbirlarni oʻtkazish uchun qulay emas”, — deyiladi xabarda.

Xarid qilingan chiptalarni Telegram iTicket xizmatiga qaytarish mumkin.

Eslatib oʻtamiz, 29-mart kuni bloger Mirzayor Erkinov “Kreml tomonidan qoʻllab-quvvatlangan va Kremlni qoʻllab-quvvatlovchi Z-artistlar” ishtiroki tufayli tadbirni boykot qilishga chaqirgan edi.

3-aprelga kelib iTicket xizmatidagi festival sahifasi yoʻqolgan, tadbirning Instagram akkaunti bloklangan edi. “Gazeta.uz” maʼlum qilishicha, sahifa Instagramʻning oʻzi tomonidan “koʻplab shikoyatlar tufayli” bloklangan.

Avvalroq Boku va Olmaota shaharlarida ham “Жара” festivali bekor qilingan edi. Qozogʻistonda ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari festivalni bekor qilishni talab qilib, boykot eʼlon qilishdi.

Olmaotada bekor qilingandan soʻng festival Toshkentga koʻchirildi. Unda HammAli & Navai, EMIN, Ani Lorak, Olga Buzova, Dabro, Diskoteka Avariya, Jasmin, Artik&Asti, KARNA.VAL, Vanya Dmitriyenko, Vlade Kay, Mary Gu, Bahh Tee & Turken, Cosmos girls, Nyusha va boshqalarning ishtiroki kutilayotgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling