Butun O'zbekistonni jamoat transporti bilan qamrab olish uchun nechta avtobus kerakligi ma'lum qilindi

Hozirda mavjud avtobus va mikroavtobuslar parki 60 foizga eskirgan

Transport vazirligi “Hududlarda yo'lovchi tashish tizimini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori loyihasini muhokamaga qo'ydi.

Ma'lum qilinishicha, qaror loyihasida respublika hududlaridagi jamoat transporti tizimi xatlovdan o'tkazilgan hamda hududlarni to'liq jamoat transporti bilan qamrab olish uchun 4 969 ta avtobus va 3 400 ta mikroavtobus yetishmasligi hamda mavjud avtobus va mikroavtobuslar parki 60 foizga eskirganligi keltirilgan.

Hujjat bilan 2022-2026-yillarda 5 000 ta avtobus va mikroavtobus xarid qilish, 2022-2026 yillarda 278 ta yangi avtobus yo'nalishlarini tashkil etish, shuningdek, 2022-2026 yillarda 81 ta avtovokzal va avtostantsiyalarni qurish va rekonstruktsiya qilish dasturi tasdiqlanadi.

Qayd etilishicha, 2022-2026 yillarda hududlarda avtobus va mikroavtobuslar xarid qilish dasturi doirasida tadbirkorlar tomonidan milliy valyutada olingan kredit foizlarining Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo'lgan qismi hamda AQSh dollarida olingan kredit foizlarining 5 foizlik stavkadan ortiq bo'lgan qismi mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan qoplab beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling