Foto: CBN
Namangan viloyati Norin tumanidagi oshxonalarning birida pichoqbozlik sodir boʻldi. Bu haqda Millar dasturida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, Norin va Uychi tumanlarida yashovchi ikki fuqaro telefon orqali suhbatlashayotganda oʻzaro tortishib qolgan. Shuningdek, muammoni hal qilish maqsadida Norin tumanidagi oshxonalarning birida koʻrishishga kelishib olgan.
Uchrashuv vaqtida har ikki tomondan ham sheriklar yetib kelib, vaziyat keskin tus olishiga sabab boʻlgan. Ular orasida ikki nafar voyaga yetmagan bola ham borligi aytilmoqda. Shu bilan birga, janjal qatnashchilaridan biri yonida olib yurgan pichoq bilan boshqasiga tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan bir nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi (qasddan badanga og'ir shikast yetkazish) va 277-moddasi “b”, “v” bandlari bilan hamda toʻrt nafar fuqaroga nisbatan 277-moddasi “b” (bezorilik) bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, bir nafar fuqaroga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Qolgan hodisa ishtirokchilariga ham tegishli tartibda choralar koʻrilgan.
Tekshiruv harakatlari davomida hodisa sodir boʻlgan joyda bir dona pichoq, bir dona qoʻlbola usulda tayyorlangan "bita" tayog'i daliliy ashyo sifatida olingan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling