Foto: Senat.uz
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva “Zoʻravonlikka qarshi kurashni institutsionalizatsiya qilish” konferensiyasida nutq soʻzladi.
Tanzila Narbayeva gender tengligini ta'minlashda OAV hamda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish kerakligi haqida aytib o'tdi.
“Gender tengligini taʼminlashga oid turli stereotiplarning oldini olish, unga oid meʼyorlarni aholi orasida keng targʻib qilishda – bizning yaqin hamkorimiz – ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan keng foydalanish zarur. Jurnalist va blogerlarimiz nafaqat ayollar, balki erkaklar orasida ham targʻibot ishlari olib borishlari maqsadga muvofiqdir. Lekin, buning uchun, albatta, ularning ham malakalarini va sohaga oid bilimlarini oshirib borish zarur", deydi Senat raisi.
Bundan tashqari konferensiyada, jurnalist va blogerlar ko'targan muammolardan kelib chiqib qonunlarga o'zgartirish kiritish va ularni tahlil qilish haqida so'z bordi.
"Joylardagi oʻrganishlardan, shu jumladan, jurnalistlar va blogerlar koʻtargan muammolardan kelib chiqib, qabul qilingan qonunlarni tahlil qildik va ularning ayrim jihatlarini takomillashtirish zarurligini aniqladik.
Bu maqsadda Senatimiz huzurida tegishli Ishchi guruh shakllantirildi, mazkur guruh tomonidan sohaga oid qonun loyihalari tayyorlandi. Yaqin kunlarda ushbu hujjatlarni koʻrib chiqish jarayoni boshlanadi. Taʼkidlash joizki, qonun qabul qilinishi – bu muammo hal etildi degani emas.
Tegishli davlat organlarining bu sohada faoliyatini kuchaytirish va masʼuliyatini oshirish talabi mavjud. Ularning nodavlat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan ogʻir ahvolga tushib qolgan ayollarga manzilli va professional yordam koʻrsatish yoʻlida hamkorligini yanada kengaytirish lozim”, — deydi Tanzila Narbayeva.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling