Qashqadaryo viloyatida bo'lim va uchastka boshliqlari qo'lga olindi

Davlat dasturiga kiritilgan quduqni qazib ishga tushirish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishini vaʼda qilgan

Foto: Prokuratura Departamenti<br>

Foto: Prokuratura Departamenti

Qashqadaryo viloyatida qishloq xoʻjalik boʻlim boshligʻi va uchastka boshliqlari qoʻlga olindi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan.

Tekshiruvlar davomida, viloyat qishloq xoʻjalik boshqarmasi boʻlim boshligʻi hamda Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi Chiroqchi uchastkasi boshligʻi qoʻlga olingan.

Maʼlum qilinishicha, ular shu hududda yashovchi fuqaroga tanishlari orqali “Ch.Ch.” fermer xoʻjaligi dala maydonidan davlat dasturiga kiritilgan quduqni qazib ishga tushirish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishini vaʼda qilgani aniqlangan.

Ular buning evaziga 2500 dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling