Samarqandda advokat pora bilan qo'lga tushgani aytilmoqda

Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda

Foto: OʻzA<br>

Foto: OʻzA

Samarqand viloyati Samarqand shahrida advokat 1300 dollar pora bilan qoʻlga tushgani aytilmoqda. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan.

Tadbirlar davomida Samarqand tumanida tugʻilgan, Samarqand shahridagi “YULDUZ” advokatlik firmasi advokati vazifasida ishlab kelayotgan 51 yoshli fuqaro sud idoralarida koʻrib chiqilayotgan ishlarda advokat sifatida ishtirok etib kelayotgani aniqlangan.

Shuningdek, u sud idoralarida “vositachilik” qilish yoʻli bilan sud tizimida ishlovchi tanishlari orqali ishlarni ijobiy hal qilib berish evaziga fuqarolardan katta miqdordagi pul mablagʻlarini olib kelganligi maʼlum boʻlgan.

Xususan, mahalliy fuqaroning turmush oʻrtogʻi bilan qonuniy nikohini bekor qilish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha Payariq tumanlararo sudining qarorini chiqartirib berish evaziga undan 1 500 dollar talab qilgan.

Olib borilgan tekshiruv natijalariga koʻra, advokat ushbu fuqarodan kelishilgan pullarning 1300 dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilam jinoyat ishi qoʻzgʻatish boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling