Foto: Davlat ekologiya qo'mitasi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli koʻchasi Doʻstlik bogʻi yaqinida yarim tunda daraxtlar kesilgan. Bu haqda Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Davlat ekologiya qoʻmitasi, Ekologik partiyasi faollari, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi, Yakkasaroy tuman hokimligi, tuman prokuraturasi hamda tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganishlar davomida “VINERA TOWER” MCHJ tomonidan qurilish qilish maqsadida hududdagi 2 tup qimmatbaho va 4 tup kam qimmatli boʻlgan jami 6 tup daraxt tegishli ruxsatnomasiz, qonunchilikka zid ravishda boshqa joyga koʻchirib oʻtkazilganligi ma'lum bo'lgan.
Buning oqibatida daraxtlar nobud qilinganligi, shuningdek, qurilish uchun kotlovan qazilishi natijasida 4 tup daraxtning ildiziga shikast yetkazilganligi aniqlangan.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, daraxtlarning noqonuniy koʻchirilishi va shikastlanishi natijasida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, oʻsimlik dunyosiga 218 mln 370 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Amaldagi qonunchilik talablariga koʻra, qurilish loyihalarini amalga oshirishdan oldin ekologik meʼyoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur qurilish obyekti boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan.
Oʻrganish natijasi boʻyicha toʻplangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etilgan.
Maʼlumot oʻrnida, bundan oldin ham 2022-yilning 23-mart kuni “VINERA TOWER” MCHJ tomonidan shu hududdagi 6 tup daraxt noqonuniy ravishda kesilgan va oʻsimlik dunyosiga 430 mln 515 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Ushbu holat Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda ramiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim qilingan va yetkazilgan zararni undirish uchun 2022-yilning 16-sentyabrida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimi chiqarilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling