Foto: Telegram
Ijtimoiy tarmoqlarda Guliston tumani 14-maktab oʻquvchisini tok urgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Guliston tuman xalq taʼlimi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 23-noyabr kuni Guliston tumani 14-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 2-“B” sinf oʻquvchilariga reja boʻyicha 5 soat dars oʻtilishi kerak boʻlgan. Jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun boʻlib oʻtayotgan malaka (amaliy) sinovlarda ishtirok etayotganligi sababli ushbu kungi darslar ixchamlashtirilib, sinf rahbar Imomova Sohiba tomonidan darslar oʻtib boʻlingach oʻquvchilarga uylariga ketishlari uchun javob bergan.
Darsi tugagandan soʻng 2-“B” sinfning barcha oʻquvchilari kabi aka-uka egizaklar ham uyga yoʻl olishgan. Ular maktab hududining tashqarisida joylashgan elektr transformator ostiga kirib qolgan kuchukni koʻrib qolishgan. Transformator poydevor qismining ochiq joyidan egizaklarning biri qoʻlini kirgazib kuchukni olmoqchi boʻlgan vaqtda elektr toki urishi oqibatida bosh, qorin, qoʻl va oyoq qismidan tan jarohati olgan.
Voqea joyiga maktabning oʻqituvchisi zudlik bilan yetib borgan va bolani chiqarib olgan. Shuningdek, bolaga maktab hamshirasi tomonidan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan. Shundan soʻng, tuman shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi va bolaning oilasiga xabar berilgan. Hozirgi vaqtda Tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan muolajalar olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling