"Al-Qoida" 11-sentabr teraktlari haqida kitob chiqardi

Kitob teraktlarga 21 yil to‘lishi munosabati nashr etilgan

Foto: kommersant

Foto: kommersant

"Al-Qoida" tashkiloti 2001-yil 11-sentabrda AQSHda sodir etilgan terrorchilik harakatlariga bag‘ishlangan kitob chop etdi.

Qayd etilishicha, kitob teraktlarga 21 yil to‘lishi munosabati nashr etilgan. Kitob muallifi “Al-Qoida” yetakchilaridan biri Abu Muhammad al-Masriy boʻlib, u 2020-yilda Eronda o‘ldirilgan.

Kitobda aytilishicha, AQSHga zarba berish g‘oyasi “Al-Qoida”da 1996-yilda, “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olib, “Al-Qoida” ushbu mamlakatni o‘zining asosiy bazasi sifatida tanlaganidan keyin paydo bo‘lgan. Qoʻshma Shtatlarga hujum qilishdan maqsad sifatida “Al-Qoida”ning amerikaliklarni “halokatga olib boruvchi uzoq muddatli urush”ga jalb qilish istagi keltirib o‘tilgan.

Xabar qilinishicha, fuqarolik samolyotlarini “Amerikaning muhim va ramziy binosiga borib urish” orqali terakt sodir etish taklifini “Al-Qoida”ga ilgari uchuvchi bo‘lib ishlagan misrlik a’zolaridan biri bergan.

Maʼlum qilinishicha, tashkilotning ba’zi ishtirokchilari 1998-yildayoq jangovar tayyorgarlik uchun tanlab olingan va dunyoning turli burchaklaridagi aviatsiya maktablarida oʻqitilgan.

Maʼlumot uchun, 2001-yil 11-sentabr kuni to‘rtta muvofiqlashtirilgan terrorchilik harakatlari amalga oshirilgan.

Terrorchilarning jami 19 kishidan iborat toʻrtta guruhi to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab olgan. Ular ikkita laynerni Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi minoralariga yo‘naltirgan, uchinchisi Pentagon binosiga borib urilgan.

Shuningdek, to‘rtinchi avialayner yo‘lovchilari va ekipaji terrorchilardan samolyot boshqaruvini olib qo‘yishga uringan va samolyot Pensilvaniya shtatidagi dalaga qulagan.

Maʼlumotlarga koʻra, 19 nafar terrorchidan tashqari, 2977 nafar aholi halok bo‘lgan, yana 24 kishi bedarak yo‘qolgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling