Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati
12 kunda 17 mingga yaqin xonadonning kuz-qish mavsumida bir oylik isteʼmoliga teng hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2022-yil dekabr oyining oʻtgan davri davomida Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzneftgazinspeksiya”, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ishchi guruh aʼzolari ishtirokida nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.
Tekshiruvlar davomida 192 ta holatda isteʼmolchilar tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy va nooqilona foydalanish holatlari aniqlanib, ularning faoliyatiga chek qoʻyilgan.
Maʼlum qilinishicha, ushbu noqonuniy holatlar natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 10,2 mlrd soʻmni va gaz hajmi 10,2 mln kub metrni tashkil etgan.
Maʼlumot uchun, ushbu hajmdagi tabiiy gaz oʻrtacha 17 mingga yaqin hovli uylardagi xonadonlarning kuz-qish mavsumida bir oylik isteʼmolini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanish holatlari asosan Navoiy viloyatida (2,4 mlrd soʻm), Jizzaxda (2,0 mlrd soʻm), Buxoroda (0,9 mlrd soʻm), Qashqadaryoda (0,267 mlrd soʻm), Toshkent viloyatida (0,8 mlrd soʻm) va Toshkent shahrida (0,165 mlrd soʻm) aniqlangan.
Xabarga koʻra, aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Hamkorlikdagi nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling