Foto: Repost.uz
Surxondaryo viloyatida uchta: Sherobod, Muzrabot va Uzun “TETK” rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Sherobod “TETK” boshligʻi Q.K mansab vakolatidan qasddan foydalanib, tumandagi 208 nafar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzgan. Shuningdek, mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan 487 mln 20 ming soʻmlik dalolatnomalar tegishli tartibda qonuniy chora koʻrishlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etmagan.
Shu bilan birga, Muzrabot tuman elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi A.Q va boshqalar xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, yuridik shaxsning elektr energiyasidan 263 mln 707 ming 882 soʻmlik toʻlov muddati oʻtgan debitorlik qarzdorligi mavjud boʻlsada, isteʼmolchilarni elektr energiya tarmogʻidan uzmasdan, qarzdorlikni undirish choralarini koʻrmasdan jamiyat va davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi boʻlishgan.
Xabarga koʻra, Uzun “TETK” boshligʻi Gʻ.A va boshqalarga nisbatan mansab vakolatidan qasddan foydalanib, “Iskandar Turdialiyev”, “Nurafshon”, “Agro Omad” fermer xoʻjaliklari elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi oqibatida jami 140 mln 832 ming soʻmlik koʻp miqdorda zarar yetkazilgani aniqlagan boʻlsada, yetkazilgan moddiy zararni oʻrnini qoplash choralari koʻrmagan.
2022-yil 1-dekabr holatiga koʻra 2 mlrd 638 mln soʻmlik qarzdorligi mavjud boʻlsada, elektr energiyasi tarmogʻidan uzmasdan jamiyat va davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi boʻlgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling