Kuchli ta'sir qiluvchi dorilarni noqonuniy muomalaga kiritgan ayollar besh yilga qamaldi

Ulardan biri bu turdagi dori vositalaridan burun bitishi oldini olish maqsadida foydalanganini aytgan

Foto: Tez News

Foto: Tez News

Toshkent shahar Chilonzor sudida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qonunga hilof ravishda muomalaga kiritishda ayblangan ikki ayolning sud ishi boʻlib oʻtdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi hamda kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan.

Tekshiruvlar davomida 2022-yil 5-yanvar kuni soat 23:30 da 24 yoshli talaba qiz va 28 yoshli ayolning Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadonidan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.

“Bu dorilar meni sumkam ichidan chiqqan, lekin ular ikkalamizga tegishli. Men bularni isteʼmol qilish uchun xarid qilganman. Farzandim olamdan oʻtganidan buyon, shu dorilardan isteʼmol qilib kelaman”, — deydi 28 yoshli ayol.

Talaba qizning soʻzlariga koʻra, bu turdagi dori vositalaridan burun bitishi oldini olish maqsadida foydalangan.

“Burnim necha yillardan beri bitib qolardi. Bu dorini sepib koʻrsang ochiladi, yaxshi taʼsir qildi deganlari uchun ishlatib koʻrganman. Besh-olti marta foydalanganman holos. Isteʼmol qilganimdan pushaymonman”, — deydi qiz.

Qayd etilishicha, ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 251-moddasi 3-bandi (kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari yoki zaharli moddalarni ishlab chiqarish, olish, saqlash, hisobga olish, berish, tashish yohud joʻnatish qoidalarini buzish, agar bu ehtiyotsizlik orqasida ularni oʻgʻirlanishiga olib kelish yoki boshqa tarzda jiddiy zarar yetkazish) bilan aybli deb topilib, har biriga besh yil muddatga qamoq jazosi qoʻllanilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling