Foto: Mass-media fondi
Nozima Davletova Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 24-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi muassislari hamda Vasiylik kengashi yigʻilishida bir qator tashkiliy masalalar koʻrib chiqilgan.
Yigʻilish davomida fond Vasiylik kengashi raisligiga shu kunga qadar tashkilot direktori lavozimida ishlab kelayotgan Nozima Davletova nomzodi tasdiqlangan.
Shuningdek, Mass-media fondi direktori etib xalqaro aloqalar va nodavlat notijorat tashkilotlarida ish tajribasiga ega Akramjon Fozilov tayinlangan. U bunga qadar Yevropa-Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi — EUROUZning Toshkentdagi loyihasi ofisi rahbari lavozimida faoliyat olib borgan.
Eslatib oʻtamiz, 26-iyulga qadar Vasiylik kengashi raisi lavozimida Komil Allamjonov ishlab kelgan. Keyinchalik u Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari etib tayinlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling