Foto: oldmuslimuz
21-sentabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov raisligida respublikadagi tuman-shahar bosh imom-xatiblari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Idora matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida masjidlar imom-xatiblari, imom-noiblari va otinoyilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilingan.
Majlisda ayrim imom-domlalar amaldagi qonun talablarini mensimayotgani va mo‘min-musulmonlar bo‘linishiga sababchi bo‘layotgani aytilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 8 oyi davomida xato-kamchiliklar tufayli 15 nafar imom-xatib, 6 nafar imom-noib ishdan olingan.
«Natijada, o‘z vazifasiga vijdonan yondashmagan, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirishda jiddiy sa’y-harakat qilmagan va imomlik maqomiga munosib bo‘lmagan 4 nafar tuman bosh imomi ishdan olindi va 1 nafariga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi», – deyiladi xabarda.
Jumladan:
- Surxondaryo viloyati Termiz tumani bosh imomi Ochilov Yahyo;
- Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani bosh imomi Mamatqulov Mamayusuf;
- Andijon viloyati Shahrixon tumani bosh imomi Turg‘unov Izzatulloh;
- Toshkent shahar Sergeli tumani bosh imomi Axbutayev Eshmurod egallab turgan ushbu lavozimidan ozod etilgan.
- Farg‘ona viloyati So‘x tumani bosh imomi Kamolov Vohidjonga intizomiy chora ko‘rilgan.
Musulmonlar idorasining ma’lum qilishicha, yig‘ilishida muftiy Nuriddin Xoliqnazarov barcha diniy soha xodimlarini jiddiy ogohlantirgan:
Majlisda ayrim imom-domlalar bosar-tusarini bilmay qolgani, amaldagi qonun talablarini mensimayotgani va mo‘min-musulmonlar bo‘linishiga sababchi bo‘layotgani diniy sohaga katta dog‘ tushiradi", – deyiladi idora xabarida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling