Foto: UzA
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgandan soʻng bemorlarda turli nojoʻya taʼsirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Maʼlum qilinishicha, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi ushbu vaziyatni darhol nazoratga olgan.
Samarqand viloyati Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachining maʼlum qilishicha, soʻnggi ikki oyda mazkur dori vositasini qabul qilganidan soʻng nojoʻya taʼsirlari sabab 21 kishi shikoyat qilgan. Xabarga koʻra, ulardan 17 nafarining ahvoli oʻta ogʻir boʻlib, 15 nafarida oʻlim holati kuzatilgan.
Qayd etilishicha, bemorlar ahvolini oʻrganish va holat sabablarini aniqlash maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzildi. Uning tarkibiga agentlik hamda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining malakali mutaxassislari kiritilgan.
Foto: Telegram
Samarqanddagi dorixonalardan xarid qilingan Hindistoning Marion Biotech Pvt. Ltd kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” tabletka, limon va asal taʼmli sirop dori vositalari oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilmoqda. Laboratoriya tahlillari yakunlangach, uning natijalari haqida eʼlon qilinadi.
Ushbu dori vositalarining savdosi 22-dekabrdan vaqtincha toʻxtatildi va bu haqda Quramax Medical MCHJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur dori vositalari oqibatida nojoʻya taʼsirlar kuzatilgani gumon qilingan bemorlar holati yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi maxsus ishchi guruhi viloyatda oʻrganish olib bormoqda.
Shuningdek, uning tarkibiga vazirlik, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xodimlari, bolalar nefrologi, pediatr kabi malakali mutaxassislar kiritilgan. Ular har bir gumon qilingan bemor bola anamnezi boʻyicha chuqur tahlil oʻtkazmoqda. Xulosa natijalari haqida qoʻshimcha maʼlumot beriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling